Sunday, February 9, 2014

Adolf Gitlerning sirlari

Aloiza Hitlerdan ikki yoshga kichik edi. Adolf Hitler 1889 yilda tug‘ilgan, Aloiza (oilada uni Luiza ham deb chaqirishardi) 1891 yilning iyulida dunyoga kelgan. Oilalarini qarindoshlik iplari bog‘lab turardi. Har ikkala oila Avstriyaning shimolidagi Valdfirtel viloyatidagi dehqonlar avlodidan ildiz otgan: Hitlerning buvisi Mariya Anna va Aloizaning katta buvisi Josefa opa-singil bo‘lishgan.
Adolf 14 yoshida otasidan ajraladi, Aloizaning otasi bir yil o‘tib, qizi 12 ga to‘lgach vafot etadi. Hitlerlar oilasi Klagenfurt shahrida istiqomat qiladigan qarindoshlariga 1903 yili otalari o‘lganini to‘g‘risida xabar berishadi.
Shundan keyin oilalarning aloqada bo‘lganligi noma’lum. Ammo oradan o‘n yillar o‘tib  uzoq qarindoshlarni taqdir yana bir bir-birlariga duch qiladi: 1940 yilning 6 dekabrida Aloiza Yuqori Avstriyadagi Xartxaym lagerida gaz kamerasida bo‘g‘ib o‘ldiriladi. Shaxsan fyurerning buyrug‘iga ko‘ra...

Kasallik tarixi 

Bu sir pardasi endigina ochilgandek: federal arxiv Aloizaning kasallik tarixiga oid hujjatlarni ommaga ma’lum qildi. Aloiza shizofreniya – ruhiy xastaligi uchun o‘ldirilgan ekan. Milliy-sotsializmda esa bunday insonlarning yashashga haqqi bo‘lmagan. Ruhiy xasta Aloizaning qatliga shaxsan Adolf Gitler imzo chekkan yagona hukmdir.
Aloizaning o‘limidan keyin, oradan uch yil o‘tib, 1944 yili Genrix Gimmler “Fyurer devoni”ga keyinchalik qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan hujjatlarni jo‘natadi. Ularga “mutlaqo maxfiy” tamg‘asi bosilgan va shaxsan Gitler shaxsiga taalluqli edi. Gimmler “Fyurerning kotibi” Martin Bormanga hech kimga bildirmaslik sharti bilan “sog‘lom german millati fyureri” xususidagi afsonalarni chippakka chiqaradigan ma’lumotlarni beradi. Maxfiy hujjatda fyurer “avlodlaridan ba’zilari ruhiy xasta yoki mutlaqo jinni” bo‘lgani qayd etilgandi.

Gimmler haqiqatan ham Gitlerni yo‘q qilmoqchi bo‘lganmi?

Gitler vatandoshlaridan o‘zlari oliy irqdan ekanini isbot qiladigan ma’lumotlar talab qilgan. Shuningdek, qarindosh-urug‘lar to‘g‘risidagi  ma’lumotlar ham zarur bo‘lgan. Ammo uning o‘zi hech qanday ma’lumot bermagan. Xo‘sh, unda maxfiy hujjatlarni Bormanga yetkazgan Gimmler rostdan ham Gitlerni yo‘q qilmoqchi bo‘lganmi? Bu hokimiyat uchun kurashning bir usulimi?
Davlat tepasiga kelgan Hitler dastlabki kunlardanoq o‘zining kelib chiqishi haqidagi mish-mishlarga qarshi qattiq kurash olib borgan. 20-yillarda natsistlar partiyasining varaqasida Hitlerni “partiyani yahudiylarcha buzib yubormoqchi” degan ayb qo‘yilgan. 1931 yili Hitlerning jiyani Heli Raubal Myunxendagi uyida o‘z joniga qasd qiladi va shundan keyin unga oilasi va qarindoshlari haqida ochiq savollar berila boshlanadi. Gazetalar Polsha shahrida Hitler familiyali yahudiylar aniqlanganini yozsa, 1933 yil iyulida «Osterrayxishe abendblatt» gazetasi “Venada yahudiy Hitlerlar izi” nomli kattagina maqola va Venadagi yahudiy qabristonidan suratga olingan “Hyutlerlar” qabrtoshi suratini chop etadi. Fonetik yaqinlik qon-qarindoshlikni ham isbot qilishi kerak edi. Darvoqe, hozir ham Venadagi yahudiylar milliy birlashmasida oltita Hyutlerning dafn etilganini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud.

«Sizlar axmoqsizlar!»

30-yillarning boshida Hitlerning Buyuk Britaniyada istiqomat qiladigan jiyani Uilyam Patrik Hitler amakisi to‘g‘risida intervyular bera boshlaganida fyurer uni Germaniyaga chaqirib oladi. Jazavaga tushgan Hitler jiyaniga “Sizlar axmoqsizlar! Meni go‘rga tiqmoqichmisanlar? Qanchalik ehtiyotkorlik bilan matbuotchilardan kimligim va shaxsiy ishlarimni bekitganimni bilsalaring edi! Odamlar mening kimligimni bilmasligi kerak! Ular qanaqa oiladan ekanimniyam bilmasligi shart!” deb baqiradi. Ota-onasining Lints shahri yaqinidagi uyini qisqa muddatga ziyorat qilgan bo‘lsa,  Valdfirteldagi Shpital qishlog‘ini biron marta ham borib ko‘rmagan.
Hitler hukumati vaziri Albert Shpeer o‘z esdaliklarida 1942 yili Shpital qishlog‘ida dohiy nomi bitilgan hurmat taxtasi haqida aytganida dohiyning nihoyatda jazavaga tushganini yozadi. Shpeer “Hitler dahshatli jazavaga tushib, baqirib Bormanni huzuriga chorladi va u (Borman) qaltirab kirib keldi. Hitler unga tashlanib, bu joyning nomini ham atamasliklarini necha bor aytganini, bu eshak (yana Borman) allaqanday taxtani osib qo‘yganini aytdi. Taxtani zudlik bilan olib tashlashni buyurdi”.
1932 yil 22 fevralda Yozef Hebbels Hitler nomzodini Germaniya prezidentligiga ko‘rsatadi. Hitler 36,8 foiz ovoz oldi. Uning hukumatga kelishi ozchilikni tashkil qilganlarning reyxskantsleri lavozimidan boshlandi.
Shu vaqtdan yahudiylarni jamoat hayotidagi ishtirokini kamaytirish, ruhiy xasta va jismoniy nuqsonli kishilarni majburan sterilizatsiya (bichish, axta qilish) qilish kampaniyasi boshlandi. Oradan to‘rt yil vaqt o‘tib dohiy kasallarni ommaviy qirg‘in qilish to‘g‘risida maxfiy hujjatga imzo chekdi. 1939 yil 1 sentyabrda esa Ikkinchi jahon urushi boshlandi.
1940 yili Aloiza o‘ldirilgandan keyin o‘ziga qarshi ma’lumotlardan qutulganiga amin bo‘lgan Hitler o‘zini hukumatning eng yuqori cho‘qqisida his qiladi.
«To‘liq g‘alabadan» ruhlangan dohiy va uning atrofidagilar Adolf Hitlerni «yangi da’vatchi» deya e’lon qilishni rejalashtiradi. Shunda yana eski muammo o‘rtaga chiqadi: «Qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, zo‘r targ‘ibot-u tashviqot va hatto afsonalar bilan bo‘lsada dohiyning kelib chiqish tarixini berkitish kerak edi».
Shiklgruberlar avlodi va qarindoshlari Uchinchi Reyxda rasman ishtirok etmagan. “Biz uning uchun yo‘qdek edik”, - deb xotirlaydi Hitlerning jiyan nabirasi Yoxan Shmidt 2003 yil Avstriyaning Profil jurnaliga bergan intervyusida. U bilan Hitlerning yana to‘rt qarindoshi urush tugagandan keyin sovet razvedkasi tomonidan qamoqqa olinadi. Hitlerning amakivachchasi Eduard Shmidt Moskvada so‘roq paytida umurtqa pog‘onasi juda kasalligi va bir tomonga qiyshayganini aytadi. Amakivachchasi unga uy sotib olishi uchun 8000 reyxsmarka sovg‘a qilganini bildiradi. Hitlerdan marhamat ko‘rganlikda ayblangan bechora Shmidt turmaga tashlanadi va shu yerda vafot etadi. Shunday qilib Yoxan Shmidt Hitlerga bevosita qarindosh bo‘lgan yagona tirik shohiddir.

Adolf Hitlerning opasi

1936 yili Hitler opasi Pauluni Garmishda o‘tayotgan Olimpiada o‘yinlariga taklif qiladi va unga familiyasini Volf qilib o‘zgartirib, imi-jimida yashashga buyruq beradi. Hitlerning maxfiy buyrug‘iga ko‘ra unga oyiga 500 reyxsmarka nafaqa belgilanadi. Qamoqqa tushmasligiga ham birinchi sabab, uning Volf xonimligi bo‘lsa, ikkinchidan 1945 yilda Berlindan Quyi Avstriyadagi Berxtesgaden shaharchasiga ko‘chirib o‘tkazilgani bo‘ldi. Bu yerda Paulu Hitler qazosi yetgunga, 1960 yilga qadar “Volf xonim” sifatida yashaydi. Uning Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin qochgan natsistlar bilan aloqalari to‘g‘risdagi hujjat yaqin orada e’lon qilinsa ham kerak. Pauluning Berxtesgadendagi qabri haligacha sobiq SS zobitlari to‘laydigan pul evaziga saranjom-sarishta holda saqlanmoqda. Hatto bir SSchi zobit o‘lganidan keyin uni aynan shu qabristonga qo‘yishlarini vasiyat ham qilgani haqida hujjatlar mavjud.


"Hurriyat" gazetasidan olindi.