Monday, November 26, 2012

Ichki tug'yon ...


Men Sardor Rahimxonning ashaddiy muxlisi emasman. Ming afsus. Har xolda, ko'p narsalarga bee'tiborroq bo'larmidim.. Uning "Hayot" deb nomlangan bir qo'shig'i meni o'yga toldirdi. Ohang juda yengil va quloqqa yoqimli, eshitimli... 
Qo'shiq matni hayot mazmuni, undagi do'stlik, muhabbat, ishonch va sadoqat kabi yuksak tuyg'ular Sardorning yoshiga mos bo'lmagan, maslahatomuz ohangda tarannum etiladi... Muhimi bu emas... Meni o'ylantirgan narsa qo'shiq matnidagi boshqa jihat.
Bevafo yorlar, sevgi qadrini bilmaganlar, do'stlik rishtalarini oyoqosti qilganlar ketidan minglab, millionlab she'rlar, kitoblar, asarlar, kuylar va qo'shiqlar yaraladi..
Sevib, sevilmaganimiz uchun bizni seva olmagan yurakdan hafa bo'lamiz, biz qattiq e'zozlab, ko'klarga ko'targan insonlardan munosib javob ololmagach, yanada kuyunamiz... qarzini qaytarishdan qochib, telefon raqamlarini bir zumda o'zgartirib yuborgan "qadrdon" oshnalar, ishlaring yurishmaganda, "Balodan nari" qabilida yashagan kishilar... Hmm, bu ketma ketlikni beadad davom ettirish mumkin... To'g'rimi? Eng qiziqarlisi, kimga ahamiyati bor bu insonlarning... va ulardan qolgan og'riqli xotiralarning...?
                Inson qalbi mutlaq baxtni ko'tara olmasligi haqidagi aqidaga juda ko'p amal qilib yashadim... Iztirobsiz hayotdan qochdim, ozgina  bo'lsa ham  ijod olamiga intilish va uni faqat o'zimga xos tarzda talqin etish (gohida qanchalik bema'ni tuyulmasin) va o'zim haqiqiy deb bilgan qadriyatlar evaziga qurilgan poydevorga sodiq qolishni muhim deb bildim... Munosabatalrimdagi ahamiyatli va ahamiyatsiz odamlar... yoxud hayotimga ahamiyatli bo'lib kirib, o'z ahamiyatini yo'qotib, yalang'och chiqib ketgan yuraklardan hafa bo'lardim... Va uzoq vaqt kek saqlab yurardim... Juda uzooooq... 
          Bugunning falsafasi biroz o'zgargandek go'yo, men adashayotgan bo'lishim mumkin... Bu shunchaki o'zimning qarashlarim xolos! Bizga berilgan og'riq yuki uchun norozilik hissi bor vujudimizni qamrab olganda, gina-qudrat yordamga shoshadi, do'stlarimizdan o'pkalab, o'zimizdan qahramon yasab, bo'lgan voqeani yana birovlarga uzundan uzoq hikoyalar qilib beramiz... Achchiq bo'lsa-da bu haqiqat, shunday emasmi ?!
Aslida oqayotgan suv qanchalik ko'p toshga urilsa, shunchalik toza bo'ladi, deyishgan ekan. Bizga otilgan har bir toshdan qolgan og'riq - o'ziga bas kela oladigan choraga zamin yaratarkan. Bu chora esa, yangi kuch manbaiga aylanadi.. Ana o'shandan keyin, har bir sinovli damdan orttirayotganimiz sabr, matonat va iroda astoydil mustahkamlanib boraveradi.
Endi o'zingiz o'ylang, biz hozirgacha yuragimizda ko'tarib yurgan ginaning og'ir yukidan qanchalik voz kechmas ekanmiz, uning o'rniga kelishi lozim bo'lgan xayrli fazilatlar shunchalik kechikaverarkan.
Shu o'rinda, sevimli qahramonim Askanio aytgan mana bu gapni eslayman:"- Do'stim, qo'ying endi, Yurakniyam ezg'ilab yubordingizku?! Uni qiynamang, u ham o'sishga, sizning bechora va xunukkina siyratingizdan yaxshiroq va teranroq, hech bo'lmaganda nisbatan baxtliroooq inson suratini chizishga haqli..." 

140+ belgi yoxud “Twitter”ning qisqacha tarixi




 Insoniyat tarixidagi eng birinchi “tvit”ni (“tweet” – “Twitter” mikrobloglar servisi orqali jo‘natiladigan, uzunligi 140 belgidan oshmagan qisqa xabar) 2006-yilning 21-mart kuni, osmonni qora tun qoplab bo‘lgan bir vaqtda — taksi, kuryer va shunga o‘xshash xizmatlar uchun internet orqali buyurtmalarni qabul qiluvchi dispetcherlik kompaniyasining egasi — Jek Dorsi (Jack Dorsey) yozan edi. SMSning qisqalik tamoyilini ijtimoiy tarmoq bilan birlashtiruvchi uning g‘oyasi, oradan besh yil o‘tib, ahamiyati jihatidan, “Facebook” bilan bahslasha oladigan, va o‘rni kelsa, undan-da o‘zib keta oladigan hodisaga aylandi.

Twitter” (Tvitter) asoschilari — Jek Dorsi, Evan Uilyams va Biz Stoun “Facebook” (Feysbuk) asoschisi Mark Sukerberg yoki “LiveJournal” (Jonli Jurnal, JJ) ijodkori Bred Fitspatrik kabi mashhur shaxs emas. “Twitter”ning paydo bo‘lish tarixi “Facebook”nikichalik janjalli emas va rejissyor Devid Fincher, ssenariynavis Aaron Sorkin bilan hamkorlikda, buni qandaydir bir qiziqarli kinoga aylantira olishiga ishonish qiyin.

“Twitter”ni ishga tushirish vaqtida Dorsi 29, Uilyams 33, Stoun esa 32 yoshda bo‘lgan. Ya’ni, bu “Facebook”ni yaratgan beg‘am to‘dadan farq qiladigan bir guruh edi (“Facebook” “tug‘ilayotganida” Sukerberg va Dastin Moskovits hali 20 yoshga ham to‘lmagan, Eduardo Saverin va Kris Xyuzlar esa 21 yoshda edi). Dorsi, yuqorida ta’kidlanganidek, Kaliforniya shtatining Oklend shahrida, o‘z dispetcherlik kompaniyasiga xo‘jayinlik qilardi. Evan Uilyams esa barcha zamonlar va makonlarning bosh internet-xizmatlaridan biri — “Blogger”ni nafaqat yaratishga, balki uni “Google” korporatsiyasiga sotishga ham ulgurgandi.
“Twitter” asoschilari: Jek Dorsi, Biz Stoun va Evan Uilyams
Dorsi o‘ylagan dastlabki g‘oya mazmuni juda ham sodda — jamoaviy muloqot uchun tezkor hamda har yerda foydalanish mumkin bo‘lgan bir xizmatni ishga tushirishdan iborat edi. SMSlar esa ma’lumotni jo‘natishga juda ham mos kelardi – 140 belgidan iborat “qadimiy cheklov”ning kelib chiqish tarixi ham shundan. Ma’lumotlarni qabul qilish uchun esa SMSlarni translatsiya qiladigan xizmat kerak edi. Bu – messenjer (ICQ yoki “Mail.ru Agent”ga o‘xshagan) bilan blogning (2006-yil Jonli Jurnal hali “tansiq bir taom” hisoblanardi) o‘ziga xos bir gibridi edi. Loyihaga, dastlab, “Stat.us” nomi berildi (messenjer va ijtimoiy tarmoqlarga “prikol statuslar”ni chiqarib qo‘yish allaqachon modaga aylanib bo‘lgandi), ammo oxir-oqibat “Twitter”, ya’ni “chug‘urchuq”, nomi tanlandi.

Bugungi yubiley sana munosabati bilan, o‘tgan hafta, “Twitter” qiziqarli statistik ma’lumotlarni e’lon qilgandi. Milliardinchi tvitning yozilishi uchun 3 yil, 2 oy-u 1 kun kerak bo‘lgan ekan; hozirda esa har haftada bir-ikki milliard tvit yozilmoqda. Bugun tvitterchilar kuniga 250 millionta xabar jo‘natishmoqda, bu boradagi rekord ko‘rsatkich esa Yaponiyada, 2011-yilgi Yangi yil bayramida o‘rnatilgan: soniyasiga 6 939 ta tvit. “Twitter”chilarning umumiy soni, taxminan, 200 millionga teng deya baholanadi.

Loyihaning tezkor ommalashuvi besh yil avval – u ishga tushgan vaqtda emas, balki bundan to‘rt yil oldin – Texas shtati, Ostin shahridagi navbatdagi “SXSW” yangi texnologiyalar festivalidan so‘ng yuz bergan. O‘shanda, festival bo‘lib o‘tayotgan binolarda ikkita plazma panellari o‘rnatilib, “Twitter”dagi xabarlar translatsiya qilib turilgan. “SXSW 2007”gacha tvitterchilar kuniga 20 ming xabar jo‘natishgan bo‘lsa, festivaldan so‘ng bu raqam 60 minggacha oshgan, bunda, shuningdek, katta va favqulodda mehribon matbuotning yordamini ham esdan chiqarmaslik kerak.

Bugungi kunda “Twitter” qanday ahamiyatga ega ekanligi haqida ko‘p gapirish mumkin. Ammo bularning bari yo “Twitter”ning o‘zi shakllantirgan, yoki unga muvaffaqiyatli ko‘rinishda singib ketgan yangi media voqelikka nisbatan jiddiy qarama-qarshilikni keltirib chiqaradi. Uning texnik tomondan asoslangan qisqalik omili zamonaviy axborot almashinuvining asosiy tamoyillaridan biriga aylandi. Tafsilotlar, matnlarni chetga surib qo‘ying: 140 ta belgiga sig‘magan g‘oya yoki yangilik – g‘oya ham, yangilik ham emas! Hech bir xabar, hech bir g‘oya unga ikki soniyadan ko‘proq vaqtni ajratishga arzimaydi!.. Axborot borgan sari post yoki qaydnoma sifatida “qadoqlanish”ga qarshi chiqmoqda, u imkon qadar yaxlit bir oqimga aylanishga harakat qilmoqda. Buni amalga oshirish uchun esa, hozircha, “Twitter”dan ko‘ra mosroq keladigan bir nima – yo‘q.

141-belgidan “uzun matn” boshlanadi – bu endi umuman boshqa, alohida bir madaniy ko‘rinish. Endi chuqur nafas olib, o‘qish uchun diqqatni jamlamoq kerak. Bu ishni – ya’ni fikrni 140 belgi ichiga qamashni xush ko‘rmaydiganlar uchun tinib-tinchimas dasturchilar tinmasdan har turli maxsus qurilmalarni o‘ylab chiqarishmoqda – ularda hammasi “qadimiy standartlar” bo‘yicha; fikrni qisqa xabar tarzida “qamash” ularga to‘g‘ri kelmaydi. Agar eski “uzun matn” madaniyatini yangi “tvit-madaniyat” bilan to‘qnashtirsak, qiziqarli adabiy o‘yinlarga ham guvoh bo‘lish mumkin.

Madaniy ta’sirlaridan tashqari, “Twitter” ommalashuvining ijtimoiy oqibatlari ham mavjud. Aytishlaricha, uning yordamida inqiloblarni amalga oshirish mumkin. “Bir necha marta inqilobni qilib ham bo‘lishdi”, ko‘rinishidagi ommaviy bir tushuncha bor, ammo bu fikrga nisbatan shubha ham shunchalik ommaviy. Ammo turli xil falokatlarni (Yaponiyadagi zilzila yoki Moskva aeroportidagi portlash bo‘ladimi, buning farqi yo‘q) yoritish, odamlardan iborat katta guruhlarni markazlashmagan holda boshqarishda — “Twitter” haqiqatan-da almashtirib bo‘lmas bir qurilmadir.

Ushbu qurilmani “dunyoga keltirgan” uchta odam haqida nima deyish mumkin? G‘oya muallifi — Jek Dorsidan yaxshi menejer chiqmadi va uni tez orada “Twitter”ning operativ rahbariyatidan olib tashlashdi (shunga qaramay, u kompaniya direktorlar kengashidagi rais o‘rinbosari o‘rinini saqlab qolgan). O‘z vaqtida Dorsi g‘oya bilan Evan Uilyamsning oldiga borgan va bugungi “Twitter”da Evanning hissasi ko‘proq. Aytmoqchi, ularning ikkisi bir-biri bilan deyarli gaplashmaydi – yo‘q, aslo, ular orasida hech qanday dushmanlik kayfiyati yo‘q, shunchaki, kam muloqotda bo‘lishadi. “Twitter”ning hozirgi bosh direktori esa, 2009-yili “Google”dan kelgan 47 yoshli Dik Kostolo hisoblanadi. Uilyams kompaniyaning eng asosiy strategi bo‘lsa, asoschi-otalarning uchinchisi – Biz Stoun kreativ direktor lavozimida. Bundan tashqari, Stoun yaqinda AOL korporatsiyasining maslahatchisiga aylandi va endi u yerda xayriya loyihalari uchun qandaydir platformani ishga tushirish ustida ishlashi kerak.

Asoschilar orasida Dorsi eng g‘aroyibi. “Vanity Fair” jurnalining aprel sonida u haqda katta bir ocherk chiqqan. U orqali, misol uchun, keng jamoatchilik, Dorsining balet muxlisi ekanligini, aktyor va ayni vaqtda faol tvitterchilar hisoblangan Eshton Katcher va Alissa Milanolar bilan do‘stligini, uning uchun kun onasiga SMS yozish bilan bilan boshlanishini bilib olishi mumkin. Yana, uning nutqi — lo‘ndaligi, qisqaligi va chuqur ma’nolarga ega ekanligi bilan haddan tashqari tvitterni eslatib yuborishini, shuningdek, “Twitter” — bu faqat boshlanishi ekanligini, umuman olganda, Dorsi bir kun kelib Nyu-York hokimi bo‘lmoqchi ekanligini ham.

Dorsi, Uilyams hamda Stounlarning ijod mahsuli bugun 4,5-10 milliard dollargacha baholanmoqda (“Facebook”, misol uchun, 60-80 milliard dollar atrofida baholanmoqda). Shuni e’tiborga olish kerakki, “Twitter” pul ishlashni boshlaganiga hali bir yil bo‘lgani yo‘q. Dotkomlar tanazzuli bundan o‘n yil avval yuz bergan. Internet-gigantlar tomonidan yangi loyihalar uchun to‘lanayotgan yoki to‘lanmoqchi bo‘lgan katta pullar, tahlilchilarni: “Tarix takrorlanishi mumkin”, degan fikrni aytishga majbur qilmoqda.

Lahzada umrning muqarrarligi ...


Lahzada kechayotgan umrimiz betakror. Hayotimizning deyarli asosiy qismini o’z hukmiga osonlikcha bo’ysundirgan har qanday vaqt oralig’ini  his bilan izohlash menimcha – jinoyat. 
 Umrimiz keluvchi va ketuvchi tuyg’ular, kelguvchi va abadiy qoluvchi taassurotlar bilan o’tib borar ekan, uning fojeali darajadagi kichik zarrasinigina lahzaga tenglashtirish mumkin. Bu vaqt emas, bu tiriklik belgisi bo’lgan iztirob va yoki sog’inch ham emas. Bu shunchaki favqulotda shuurimizda, ongimizda jonlanadigan va uni astoydil anglab yetgunimizga qadar yana sarob misol g’oyib bo’ladigan oniy borliqdir. 
 Qanchadan qancha yuraklarni, millionlab umrlarni qattiq dovul zulmiga uchragan qum zarralari kabi har tomon kun payakun qilishga qodir vaqt uning oldida bosh egadi. Uning oldida o’ta ojiz. U shunchalik qudratliki, uning oldida yuraklar ham, zulmat bag’ridan kelgan dard va nurli sayyora elchisi – sog’inch ham sukut saqlaydi. Hamma gap – u paydo bo’lgan oniy nafasda uni imkon qadar ilg’ab qolishida ulgurish kerak. Umrning choragi faqat u haqdagi o’y-hayollar bilan o’tdi-ketdi. Muhimi, bu yog’iga – uning borligiga hech bo’lmasa iymon keltirish uchun idrok va yorug’lik hissini anglab ulgursam bo’lgani.

Sunday, November 25, 2012

Bir TRILLION dollarni tasavvur qila olasizmi?


 Hech tasavvur qilib ko‘rganmisiz? O‘ylaymanki, bu haqda bosh qotirishga vaqtingiz ham bo‘lmagan. Bu borada Google Sketchup xizmatidan foydalanib, bir trillion dollar qanday bo‘lishi haqida oz-moz his qilishingiz ham mumkin.


   Keling, avvalo, 100 dollarlik puldan boshlaylik. Ayni paytda umumiy muomalada bo‘lgan AQSh banknotalari ichida bu eng kattasi hisoblanadi. Ko‘pchiligimiz 100 dollarlik pulni ko‘rgan, foydalangan bo‘lsak kerak, albatta. Bugungi kunda hamyoningizda 100 dollar pul bo‘lsa do‘stlar bilan qo‘rqmay biror yaxshiroq kafega borib, bemalol kechki ovqat qilish mumkin.


100 dollarlik pullardan 100 donasini bir joyga jam qilsangiz, uning qalinligi 1 sm ham chiqmasligi mumkin, biroq qiymati 10 000 dollarga teng bo‘ladi. Bu bir “dasta” pul osongina cho‘ntagingizga joylashadi va u bilan siz biror Yevropa mamlakati yoki AQShda bir-ikki hafta mazza qilib dam olishingiz, sayohat qilishingiz mumkin.

Xoh ishoning, xoh ishonmang, keyingi bosqich 1 million dollarga keldi. Chunki, 10 000 dollarlik dastalardan 100 donasi albatta 1 million dollarga teng bo‘ladida! Siz uni oddiy selofan xaltachaga (hammamiz bilgan “AYGEN”ga o‘xshash J) solib, ko‘tarib yurishingiz mumkin.
Bir million dollar kishini ba’zan unchalik ham hayratga solmasligi mumkin, biroq 100 million dollarga kelsak, bu boshqa gap. Buncha pul turistlarning yo‘l xaltasi, ya’ni ryukzaklardan ikki-uchtasiga joy bo‘lishi shubhasiz

Bir MILLIARD dollar… Buncha pulni “yetti uxlab tushingizda ham ko‘rmagan” bo‘lsangiz kerak!..

Maydalashib o‘tirmaylikda, bir TRILLION dollarga o‘taylik. Bunday miqdordagi pul faqatgina AQSh, Xitoy, Yaponiya kabi ba’zi mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti tilga olingandagina ishlatiladi xolos. Jahon valyuta birjasi (FOREX)da bu qiymat tez-tez ishlatilib turadi. Xo‘sh, bir TRILLION dollar yana qayerda ishlatiladi?

2008-yilning IV choragida boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida AQSh hukumati yirik banklar, moliya tashkilotlari va boshqa kompaniyalarni bankrotlik yoqasidan qutqarib qolish uchun qariyb bir TRILLION dollar mablag‘ sarfladi.

Bir TRILLION dollar haqida hech tasavvur qilib ko‘rganmisiz? Albatta, u millionta million degani. U mingta milliard degani. U bitta 1 raqami va ortidan 12 ta nolni ergashtiruvchi sondir. Bir TRILLION – bu, 1 000 000 000 000 degani.

E’tibor qiling, bu yerda katta qutilarga o‘xshash pul dastalari ikki qator qilib taxlangan… va ular 100 dollarlik pullardan iborat.

* Qiziquvchilar uchun mana bu yerda bosqichma-bosqich hisob-kitoblar va o‘lchovlar berilgan.

* AQSh davlat qarzini 100 dollarlik pullar orqali ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, bu yerga kiring.

                                                                                                                       Manba: www.pagetutor.com

Hayol va Hayot



Kechagina o’qigan bir yozuvchimning yon daftaridagi bir kichik eslatmaga ko’zim tushib ketdi. Unda katta harflar bilan “Tafakkurdagi tiniqlikka intil” deb yozib qo’yilgan ekan. Tafakkurdagi tiniqlik haqida falsafa so’qishdan avval hammasidan eng oddiyi – tiniqlik haqida o’yladim, hayol  qildim o'zimcha... 
Unchalik oson emas ekan u haqda o’ylash. Nima o’zi u? Hamma haqida hukm chiqarish illatidan qochib, o’zimning o’ta jo’n bo’lsa ham, shaxsiy tasavvurimga murojaat qilaman. Tiniqlik bu – moviy osmon, ezgu hislar, bezavol tabiat, siniqlik belgisi tushib ulgurmagan tabassum, ona mehri, og’ir damingda suyanganing do’stingning yelkasi, qo’rqib ketganda qo’lingdan mahkam ushlab, “Men yoningdaman” deya qulog’ingga shivirlab aytilgan xitob..   Xullas, adoqsiz davom ettirish mumkin bu yog’ini.
Sizning tasavvuringizda mana shu tiniqlik yana yuzlab boshqa timsollarda shakllanishi mumkin. Muhimi – endi asosiy vazifa. O’sha o’zimiz o’ylab, chizib, bo’yab yoki bo’yab ulgurmaganimiz – tiniqlik, yoki u deb o’ylaganimiz, va u deb nomlaganimizni tafakkurga ko’chirish. Hamma gap ana shunda, menimcha. Tasavvurda buning hammasi oson. Lekin, huddi tiniqlikni ko’chirmoqchi bo’lganimiz o’sha tafakkurning o’zida ham tiniqlikka qarama qarshi bo’lgan boshqa bir kuch yastanib yotadi. Uni yengib o’tish, uni o’z joyidan siljitib, tiniqlikka yo’l ochish – juda mushkul.. Biroq adolat tarozusini teng qo’yish kerak. Siz unga ham quloq solib ko’rsangiz, uning ham dardi bor. Bu –  aldangan damlarimiz, armonga aylanib qolgan ozrular, yolg’onchi marazlar, sotqin do’stlar, ko’kraging bilan himoya qilganingda orqangdan pichoq sanchgan masxaraboz yaqinlar, kungaboqar birodarlar… bularning hammasi misli bir yara
Kafka bunga yechim taklif etadi. Uning aytishicha, miyada va tafakkurda qanchalik dahshat hukmron bo’lmasin, uning bizga real  bir havf solishi uchun yurakdan miyaga quyiladigan qon va tiriklik bongi ham unga hizmat qilishi kerak. Demak, kalit bizning qo’limizda. Yurakni har doim ham miyaga tobe’ qilib qo’ymasak, bo’lgani. Yurak chaqirig’iga tez-tez quloq solib turish kerak ekan.. Achinarlisi, tafakkurga tomon intilayotgan bechora tiniqlikning yolg’iz posboni ham shu – yurak. Qaniydi uni tinglash va anglash baxti hammaga birdek nasib etsa...