Monday, November 26, 2012

140+ belgi yoxud “Twitter”ning qisqacha tarixi




 Insoniyat tarixidagi eng birinchi “tvit”ni (“tweet” – “Twitter” mikrobloglar servisi orqali jo‘natiladigan, uzunligi 140 belgidan oshmagan qisqa xabar) 2006-yilning 21-mart kuni, osmonni qora tun qoplab bo‘lgan bir vaqtda — taksi, kuryer va shunga o‘xshash xizmatlar uchun internet orqali buyurtmalarni qabul qiluvchi dispetcherlik kompaniyasining egasi — Jek Dorsi (Jack Dorsey) yozan edi. SMSning qisqalik tamoyilini ijtimoiy tarmoq bilan birlashtiruvchi uning g‘oyasi, oradan besh yil o‘tib, ahamiyati jihatidan, “Facebook” bilan bahslasha oladigan, va o‘rni kelsa, undan-da o‘zib keta oladigan hodisaga aylandi.

Twitter” (Tvitter) asoschilari — Jek Dorsi, Evan Uilyams va Biz Stoun “Facebook” (Feysbuk) asoschisi Mark Sukerberg yoki “LiveJournal” (Jonli Jurnal, JJ) ijodkori Bred Fitspatrik kabi mashhur shaxs emas. “Twitter”ning paydo bo‘lish tarixi “Facebook”nikichalik janjalli emas va rejissyor Devid Fincher, ssenariynavis Aaron Sorkin bilan hamkorlikda, buni qandaydir bir qiziqarli kinoga aylantira olishiga ishonish qiyin.

“Twitter”ni ishga tushirish vaqtida Dorsi 29, Uilyams 33, Stoun esa 32 yoshda bo‘lgan. Ya’ni, bu “Facebook”ni yaratgan beg‘am to‘dadan farq qiladigan bir guruh edi (“Facebook” “tug‘ilayotganida” Sukerberg va Dastin Moskovits hali 20 yoshga ham to‘lmagan, Eduardo Saverin va Kris Xyuzlar esa 21 yoshda edi). Dorsi, yuqorida ta’kidlanganidek, Kaliforniya shtatining Oklend shahrida, o‘z dispetcherlik kompaniyasiga xo‘jayinlik qilardi. Evan Uilyams esa barcha zamonlar va makonlarning bosh internet-xizmatlaridan biri — “Blogger”ni nafaqat yaratishga, balki uni “Google” korporatsiyasiga sotishga ham ulgurgandi.
“Twitter” asoschilari: Jek Dorsi, Biz Stoun va Evan Uilyams
Dorsi o‘ylagan dastlabki g‘oya mazmuni juda ham sodda — jamoaviy muloqot uchun tezkor hamda har yerda foydalanish mumkin bo‘lgan bir xizmatni ishga tushirishdan iborat edi. SMSlar esa ma’lumotni jo‘natishga juda ham mos kelardi – 140 belgidan iborat “qadimiy cheklov”ning kelib chiqish tarixi ham shundan. Ma’lumotlarni qabul qilish uchun esa SMSlarni translatsiya qiladigan xizmat kerak edi. Bu – messenjer (ICQ yoki “Mail.ru Agent”ga o‘xshagan) bilan blogning (2006-yil Jonli Jurnal hali “tansiq bir taom” hisoblanardi) o‘ziga xos bir gibridi edi. Loyihaga, dastlab, “Stat.us” nomi berildi (messenjer va ijtimoiy tarmoqlarga “prikol statuslar”ni chiqarib qo‘yish allaqachon modaga aylanib bo‘lgandi), ammo oxir-oqibat “Twitter”, ya’ni “chug‘urchuq”, nomi tanlandi.

Bugungi yubiley sana munosabati bilan, o‘tgan hafta, “Twitter” qiziqarli statistik ma’lumotlarni e’lon qilgandi. Milliardinchi tvitning yozilishi uchun 3 yil, 2 oy-u 1 kun kerak bo‘lgan ekan; hozirda esa har haftada bir-ikki milliard tvit yozilmoqda. Bugun tvitterchilar kuniga 250 millionta xabar jo‘natishmoqda, bu boradagi rekord ko‘rsatkich esa Yaponiyada, 2011-yilgi Yangi yil bayramida o‘rnatilgan: soniyasiga 6 939 ta tvit. “Twitter”chilarning umumiy soni, taxminan, 200 millionga teng deya baholanadi.

Loyihaning tezkor ommalashuvi besh yil avval – u ishga tushgan vaqtda emas, balki bundan to‘rt yil oldin – Texas shtati, Ostin shahridagi navbatdagi “SXSW” yangi texnologiyalar festivalidan so‘ng yuz bergan. O‘shanda, festival bo‘lib o‘tayotgan binolarda ikkita plazma panellari o‘rnatilib, “Twitter”dagi xabarlar translatsiya qilib turilgan. “SXSW 2007”gacha tvitterchilar kuniga 20 ming xabar jo‘natishgan bo‘lsa, festivaldan so‘ng bu raqam 60 minggacha oshgan, bunda, shuningdek, katta va favqulodda mehribon matbuotning yordamini ham esdan chiqarmaslik kerak.

Bugungi kunda “Twitter” qanday ahamiyatga ega ekanligi haqida ko‘p gapirish mumkin. Ammo bularning bari yo “Twitter”ning o‘zi shakllantirgan, yoki unga muvaffaqiyatli ko‘rinishda singib ketgan yangi media voqelikka nisbatan jiddiy qarama-qarshilikni keltirib chiqaradi. Uning texnik tomondan asoslangan qisqalik omili zamonaviy axborot almashinuvining asosiy tamoyillaridan biriga aylandi. Tafsilotlar, matnlarni chetga surib qo‘ying: 140 ta belgiga sig‘magan g‘oya yoki yangilik – g‘oya ham, yangilik ham emas! Hech bir xabar, hech bir g‘oya unga ikki soniyadan ko‘proq vaqtni ajratishga arzimaydi!.. Axborot borgan sari post yoki qaydnoma sifatida “qadoqlanish”ga qarshi chiqmoqda, u imkon qadar yaxlit bir oqimga aylanishga harakat qilmoqda. Buni amalga oshirish uchun esa, hozircha, “Twitter”dan ko‘ra mosroq keladigan bir nima – yo‘q.

141-belgidan “uzun matn” boshlanadi – bu endi umuman boshqa, alohida bir madaniy ko‘rinish. Endi chuqur nafas olib, o‘qish uchun diqqatni jamlamoq kerak. Bu ishni – ya’ni fikrni 140 belgi ichiga qamashni xush ko‘rmaydiganlar uchun tinib-tinchimas dasturchilar tinmasdan har turli maxsus qurilmalarni o‘ylab chiqarishmoqda – ularda hammasi “qadimiy standartlar” bo‘yicha; fikrni qisqa xabar tarzida “qamash” ularga to‘g‘ri kelmaydi. Agar eski “uzun matn” madaniyatini yangi “tvit-madaniyat” bilan to‘qnashtirsak, qiziqarli adabiy o‘yinlarga ham guvoh bo‘lish mumkin.

Madaniy ta’sirlaridan tashqari, “Twitter” ommalashuvining ijtimoiy oqibatlari ham mavjud. Aytishlaricha, uning yordamida inqiloblarni amalga oshirish mumkin. “Bir necha marta inqilobni qilib ham bo‘lishdi”, ko‘rinishidagi ommaviy bir tushuncha bor, ammo bu fikrga nisbatan shubha ham shunchalik ommaviy. Ammo turli xil falokatlarni (Yaponiyadagi zilzila yoki Moskva aeroportidagi portlash bo‘ladimi, buning farqi yo‘q) yoritish, odamlardan iborat katta guruhlarni markazlashmagan holda boshqarishda — “Twitter” haqiqatan-da almashtirib bo‘lmas bir qurilmadir.

Ushbu qurilmani “dunyoga keltirgan” uchta odam haqida nima deyish mumkin? G‘oya muallifi — Jek Dorsidan yaxshi menejer chiqmadi va uni tez orada “Twitter”ning operativ rahbariyatidan olib tashlashdi (shunga qaramay, u kompaniya direktorlar kengashidagi rais o‘rinbosari o‘rinini saqlab qolgan). O‘z vaqtida Dorsi g‘oya bilan Evan Uilyamsning oldiga borgan va bugungi “Twitter”da Evanning hissasi ko‘proq. Aytmoqchi, ularning ikkisi bir-biri bilan deyarli gaplashmaydi – yo‘q, aslo, ular orasida hech qanday dushmanlik kayfiyati yo‘q, shunchaki, kam muloqotda bo‘lishadi. “Twitter”ning hozirgi bosh direktori esa, 2009-yili “Google”dan kelgan 47 yoshli Dik Kostolo hisoblanadi. Uilyams kompaniyaning eng asosiy strategi bo‘lsa, asoschi-otalarning uchinchisi – Biz Stoun kreativ direktor lavozimida. Bundan tashqari, Stoun yaqinda AOL korporatsiyasining maslahatchisiga aylandi va endi u yerda xayriya loyihalari uchun qandaydir platformani ishga tushirish ustida ishlashi kerak.

Asoschilar orasida Dorsi eng g‘aroyibi. “Vanity Fair” jurnalining aprel sonida u haqda katta bir ocherk chiqqan. U orqali, misol uchun, keng jamoatchilik, Dorsining balet muxlisi ekanligini, aktyor va ayni vaqtda faol tvitterchilar hisoblangan Eshton Katcher va Alissa Milanolar bilan do‘stligini, uning uchun kun onasiga SMS yozish bilan bilan boshlanishini bilib olishi mumkin. Yana, uning nutqi — lo‘ndaligi, qisqaligi va chuqur ma’nolarga ega ekanligi bilan haddan tashqari tvitterni eslatib yuborishini, shuningdek, “Twitter” — bu faqat boshlanishi ekanligini, umuman olganda, Dorsi bir kun kelib Nyu-York hokimi bo‘lmoqchi ekanligini ham.

Dorsi, Uilyams hamda Stounlarning ijod mahsuli bugun 4,5-10 milliard dollargacha baholanmoqda (“Facebook”, misol uchun, 60-80 milliard dollar atrofida baholanmoqda). Shuni e’tiborga olish kerakki, “Twitter” pul ishlashni boshlaganiga hali bir yil bo‘lgani yo‘q. Dotkomlar tanazzuli bundan o‘n yil avval yuz bergan. Internet-gigantlar tomonidan yangi loyihalar uchun to‘lanayotgan yoki to‘lanmoqchi bo‘lgan katta pullar, tahlilchilarni: “Tarix takrorlanishi mumkin”, degan fikrni aytishga majbur qilmoqda.

No comments:

Post a Comment